“Xalq ta'limi tizimidagi eng yaxshi veb-saytlar – 2015”
ko‘rik-tanlovi to‘g‘risida 
NIZOM

 

I. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom Xalq ta'limi tizimidagi boshqaruv organlari va ta'lim muassasalari,  o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida “Xalq ta'limi tizimidagi eng yaxshi veb-saytlar – 2015” ko‘rik-tanlovi (bundan buyon matnda ko‘rik-tanlov deb yuritiladi)ni tashkil etish va uni o‘tkazish tartibini belgilaydi.
  2. Rasmiy nomi: “Xalq ta'limi tizimidagi eng yaxshi veb-saytlar – 2015” ko‘rik-tanlovi.
  3. Ko‘rik-tanlov tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hisoblanadi.
  4.  Ko‘rik-tanlovni o‘tkazish rasmiy veb-sayti: http://tanlov.uzedu.uz

II. Ko‘rik-tanlovning maqsad va vazifalari

  1. Ko‘rik-tanlov maqsadi
    Xalq ta'lim tizimidagi boshqaruv organlari va ta'lim muassasalari, o‘qituvchi, o‘quvchilarning saytlarini yaratish va targ‘ibot qilish orqali ularning ijodiy faolligi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga qiziqishini oshirish hamda ijobiy ishlab bilan jamoatchilikni tanishtirish.
  2. Ko‘rik-tanlov vazifalari:
    ta'lim muassasasining ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy AKTni keng joriy etish;

tizimdagi ta'lim muassasalarning saytlari orqali interaktiv davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish, fuqarolarga veb-saytlar orqali interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish;

ta'lim muassasasi veb-saytlarini maktab, ota-ona va bolalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi muloqot shakli tarzida shakllantirish;

o‘qituvchilarning ta'lim berish jarayonida AKT vositalaridan foydalanish bo‘yicha mustaqil malaka oshirishlariga qiziqish uyg‘otish va o‘z ustida ijodiy ishlashga jalb etish;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi ta'lim muassasalarining internet tarmog‘idagi faoliyatiga jamoatchilik e'tiborini qaratish.

 

III. Talabnomalarni qabul qilish tartibi

1. Ko‘rik-tanlovda UZ domen zonasida ro‘yxatdan o‘tgan, veb-sayt xostingi O‘zbekistonda bo‘lgan saytlar ishtirok etishlari mumkin.

             Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun talabnomalar http://tanlov.uzedu.uz sayti orqali qabul qilinadi va ro‘yxatga olinadi. Talabnomalarni saytga kiritish uchun http://xt.uzedu.uz tizimi orqali autentifikatsiyadan o‘tish kerak. Ko‘rik-tanlovda qaysi nominatsiya bo‘yicha ishtirok etishdan qat'iy nazar, belgilangan shakllarga tegishli ma'lumotlarni to‘liq kiritish lozim.

2. “Eng yaxshi ta'lim muassasasi veb-sayti” nominatsiyada talabnoma quyidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olishi lozim:

muassasa raqami (maktab yoki boshqa) va uning nomi;

hudud, tuman (shahar) ko‘rsatilgan pochta manzili;

muassasa saytining veb-manzili;

muassasa rahbarining F.I.Sh.;

mas'ul shaxsning F.I.Sh;

telefon raqami;

elektron manzili (e-mail);

saytning veb-manzili.

3.  “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti” va  “Eng yaxshi o‘quvchi veb-sayti” nominatsiyasida talabnoma quyidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olishi lozim:

ishtirokchining F.I.Sh.;

talabnoma bergan ishtirokchi o‘qiydigan yoki ishlaydigan muassasaning raqami (nomi);

yashash manzili;

telefon raqami;

elektron manzili (e-mail);

saytning veb-manzili.

4. “Xalq ta'limi tizimidagi eng yaxshi tashkilot (muassasa) veb-sayti” nominatsiyada ishtirok etish uchun talabnomada quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim:

Tashkilot (muassasa) nomi;

hudud, tuman (shahar) ko‘rsatilgan pochta manzili;

tashkilot saytining veb-manzili;

tashkilot rahbarining F.I.Sh.;

mas'ul shaxsning F.I.Sh;

telefon raqami;

elektron manzili (e-mail);

saytning veb-manzili.

IV. Hakamlar hay'ati

1. Ko‘rik-tanlovda qatnashgan ishtirokchilarning veb-saytlarini baholash uchun Tashkiliy qo‘mita tomonidan Xalq ta'limi tizimi mutaxassislari, veb-texnologiyalar bo‘yicha ekspert-mutaxassislardan, o‘qituvchilardan tarkib topgan Hakamlar hay'ati va ekspertlar guruhi tuziladi.

Hakamlar hay'ati tomonidan qo‘yilgan ballarga nisbatan yozma  murojaatlar ko‘rik-tanlov natijalari e'lon qilingan kundan boshlab 3 kun ichida qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi. Keyingi e'tirozlar inobatga olinmaydi.

V. Ko‘rik-tanlovni o‘tkazish tartibi

Ko‘rik-tanlov quyidagi 4 ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkaziladi:

1-nominatsiya – eng yaxshi ta'lim muassasasi veb-sayti;

umumiy o‘rta ta'lim, bolalar musiqa va san'at, bolalar va o‘smirlar sport maktablarining veb-saytlari o‘rtasida;

2-nominatsiya – eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti;

umumiy o‘rta ta'lim, bolalar musiqa va san'at, bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘qituvchilarining veb-saytlari o‘rtasida;

3-nominatsiya  – eng yaxshi o‘quvchi veb-sayti;

umumiy o‘rta ta'lim, bolalar musiqa va san'at, bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘quvchilarining veb-saytlari o‘rtasida;

4-nominatsiya – xalq ta'limi tizimidagi eng yaxshi tashkilot (muassasa) veb-sayti;

      Xalq ta'limi tizimidagi boshqaruv organlari (viloyat xalq ta'limi boshqarmalari, tuman(shahar) xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limlari) va ular tassarufidagi tashkilotlar (Barkamol avlod markazlari, Axborot resurs markazlari), pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari, davlat pedagogika institutlari va respublika tashkilotlarining veb-saytlari o‘rtasida.

Mazkur tadbirni o‘tkazishga Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazi ham mas'ul bo‘lganligi sababli Markazning ko‘rik-tanlovda ishtirok etish maqsadga muvofiq emas.

         Ko‘rik-tanlovda qatnashish uchun talabnomalar 2015 yilning
1 apreldan 10 aprelga qadar qabul qilinadi;

         1-Bosqich: Kelib tushgan arizalar dastlab hududiy xalq ta'limi boshqaruvi organi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari)da tuzilgan hakamlar hay'ati tomonidan 2015 yil 15 apreldan 25 aprelga qadar tanlov sayti orqali baholanadi.

         Hududiy xalq ta'limi boshqaruvi organining hakamlar hay'ati tarkibi ko‘rik-tanlovni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitasi raisi bilan kelishiladi va tasdiqlanadi.

    Hududiy hakamlar hay'atining “Eng yaxshi ta'lim muassasasi veb-sayti”, “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti” hamda “Eng yaxshi o‘quvchi veb-sayti” nominatsiyalari bo‘yicha baholash natijalariga muvofiq eng yuqori ball olgan
10 (o‘nta) ishtirokchilar ro‘yxati ikkinchi bosqichda ishtirok etadi.

         2-bosqich: Ekspertlar guruhi tomonidan hududiy g‘oliblar (“Eng yaxshi ta'lim muassasasi veb-sayti”, “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti” va “Eng yaxshi o‘quvchi veb-sayti”) hamda “Xalq ta'limi tizimidagi eng yaxshi tashkilot (muassasa) veb-sayti” nominatsiyalari bo‘yicha kelib tushgan ishtirokchilar baholanadi va 10 tadan laureatlar aniqlanadi. Mazkur baholash 2015 yil
30 apreldan 15 maygacha amalga oshiriladi.

         3-bosqich: Yakuniy bosqichda ekspertlar tomonidan baholangan va yakuniy bosqichga tavsiya berilgan 4 ta nominatsiya bo‘yicha 10 tadan laureat veb-saytlar respublika hakamlar hay'ati tomonidan belgilangan me'yorlar bo‘yicha 2015 yil 20 maydan 25 mayga qadar  baholanadi va g‘oliblar aniqlanadi.

         Ko‘rik-tanlov natijalari bo‘yicha ma'lumotlar va o‘tkazish muddatlari tanlov.uzedu.uz veb-sayti orqali e'lon qilinadi.

Baholash tuzilmasi:

Saytlarni baholash mezonlari

  • Ko‘rik-tanlovga taqdim etilgan veb-saytlar quyidagi baholash mezonlariga muvofiq baholanadi:
  • veb-saytning dizayni;
  • veb-saytning mazmuniy boyligi, aktualligi;
  • veb-saytning funksionalligi va uning ishlatishdagi qulayligi;
  • veb-saytning pedagogik ahamiyati (saytdagi uslubiy ish);
  • interaktivlik va qayta aloqa;
  • bajarilishining sifati;
  • umumiy taassurot.

 G‘oliblarni taqdirlash


Ko‘rik-tanlov g‘oliblari va sovrindorlari har bir nominatsiya bo‘yicha qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar bilan taqdirlanadilar.
Ko‘rik-tanlovning “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti”, “Eng yaxshi o‘quvchi veb-sayti” nominatsiyalari bo‘yicha sovg‘alar, diplomlar bevosita o‘qituvchiga yoki o‘quvchiga topshiriladi.


Xohish bildirgan muassasa va tashkilotlar ko‘rik-tanlovning hamkorlari bo‘lishlari va qo‘shimcha nominatsiyalar ta'sis etishlari mumkin. Takliflar uchun elektron pochta manzili: tanlov@xtv.uz.


Yakuniy qoidalar


Zarur hollarda mazkur Nizomga o‘rnatilgan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
    Tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ma'lumotlar ko‘rik-tanlovning maxsus saytida yoritib boriladi. 


Manba: Nizom-2015
Kiritilgan vaqt: 10.03.2015


2018 - yil uchun "Eng yaxshi dars ishlanma" ko'rik tanloviga ariza berish hozircha boshlangani yo'q
"Eng yaxshi dars ishlanma" ko'rik tanlovining natijalari
©2014-2018 O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining yagona interaktiv davlat xizmatlari portali